Toshkent shahrida fuqaroga AQShga borish uchun «biznes viza» rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Sergeli tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh. A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.O.ga AQShga borishi uchun viza olib berish evaziga pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, yana bir holatda departamentning Navoiy viloyati Xatirchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «T.L.» MChJ rahbari F.Sh. fuqaro J.B.ni Bolgariyaga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.