Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekiston bugun yoshlar uchun yuksak parvozlar, katta g‘alabalar maydoniga aylanib bormoqda. Ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda biznes kabi sohalarda yangi nomlar, yangi qahramonlar yetishib chiqmoqda.

Prezident ana shunday bilimli, g‘ayratli va izlanuvchan o‘g‘il-qizlar bilan butun xalq haqli ravishda faxrlanishini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarga murojaat qilib, bugun ularga Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek ulkan baxt va yuksak sharaf nasib etayotganini ta’kidladi. Davlat rahbari fikricha, ajdodlar orzu qilgan buyuk maqsadlarni amalga oshirishga bugungi yoshlar, shubhasiz, qodir.

Prezident tinch va osoyishta hayot, yaratilgan keng imkoniyatlar, ota-ona va ustoz-murabbiylar mehnatining qadriga yetib, tinimsiz o‘qib-o‘rganish, bilim va mahoratni doimiy oshirib borish zarurligini urg‘uladi.

Shu bilan birga, davlat rahbari O‘zbekiston yoshlari uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanini bildirib, ularni vatan, millat va xalq uchun yashashga chaqirdi.

Qayd etilganidek, Yangi O‘zbekistonning oltin avlodi bo‘lib, uning zafar bayrog‘ini baland ko‘tarish bugungi yoshlar zimmasidagi eng muhim va sharafli vazifalardan biri hisoblanadi.