Ma’lum qilinishicha, soat 11:08 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga mazkur manzildagi yangi qurilayotgan turar joy binosining ikkinchi qavatida yong‘in chiqqani haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yo‘l olgan va soat 11:09 da manzilga yetib borgan.
Tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 11:16 da qurshab olingan va oradan uch daqiqa o‘tib, ya’ni soat 11:19 da to‘liq o‘chirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Hodisa joyida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish ishlari davomida yangi qurilayotgan turar joy binosining ikkinchi qavatida qurilish materiallari yongani va shu qismga zarar yetgani aniqlangan.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolar va tadbirkorlarni yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlarning oldini olishda ehtiyotkorlik va xavfsizlik talablariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega.











