Adliya vazirligi xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun yig‘imlarni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, xorijiy davlat avtotransport vositalari O‘zbekistonga vaqtincha kirganida yoki tranzit o‘tganida old, orqa yoki orqa yon oynalari tusi o‘zgartirilgani uchun yig‘im to‘lash amaliyoti bekor qilindi. Endi yig‘im faqat old yon oynalarining tusi o‘zgartirilganligi uchun undiriladi.
Shuningdek, xorijiy fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida mazkur yig‘imni bojxona postidagi bank kassalaridan tashqari “E-tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantiriladigan QR-kod orqali onlayn to‘lash imkoniyati ham yaratildi.











