Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Quyi Chirchiq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida Quyi Chirchiq tumani "Mevazor" MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi sohiliga noma’lum fuqarolar tomonidan turli xil maishiy chiqindilar tashlab ketilgani aniqlandi.

Ayni paytda inspektorlar tomonidan maxsus texnikalar jalb etilgan holda hududni tozalash va chiqindilarni bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi fuqarolardan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik va ularni yoqmaslikni so‘radi. Shuningdek, bu kabi qonunbuzilish holatlari uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishi eslatib o‘tildi.