Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘istonni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qator ko‘rsatkichlarga erishish vazifasi qo‘yildi.

2026 yil yakuniga qadar rejalar:

  • yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish;
  • ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allik darajasini 3,2 foizgacha pasaytirish;
  • Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish.

2030 yilga qadar mo‘ljallar:

  • yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,4 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln so‘mga yetkazish;
  • sanoat va xizmatlar sohasida jami 7,2 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi loyihalarni amalga oshirish;
  • eksport hajmini 900 mln AQSh dollariga yetkazish.

Boshqaruv tuzilmasidagi o‘zgarishlar:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatiladi;
  • Vazirlar Kengashi raisining yaylovlardan samarali foydalanish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.