O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida ma’lum qilishicha, muloqot davomida mamlakatda energetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlar hamda yirik qo‘shma loyihalarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, “Ustyurt” loyihasini izchil rivojlantirish, qo‘shimcha neft va gaz zaxiralarini o‘rganish, qayta tiklanadigan energiya manbalari va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.