Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston–Xitoy keng qamrovli strategik sherikligini yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Hongkongning xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi tajribasidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar hududlararo sheriklikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni faollashtirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.

Uchrashuvning muhim natijalaridan biri sifatida o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha kelishuv tayyorlash niyatini tasdiqlovchi verbal notalar almashildi. Qayd etilishicha, bu qadam fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va o‘zaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qiladi.











