“Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish asosiy maqsad sifatida ko‘rsatilgan.

Hujjatga ko‘ra, davlat ishtirokidagi jamiyatlarda korporativ boshqaruv madaniyatini rivojlantirish va zamonaviy usullarni joriy etish choralari ko‘riladi. Xususan, kuzatuv kengashlari tarkibidagi mustaqil a’zolar ulushi 50 foizga yetkazilishi belgilandi.

Shuningdek, 2026 yil yakuniga qadar “O‘zbekiston milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar paketini xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirish rejalashtirilgan.

Qarorga muvofiq, Jamg‘arma ulushiga ega bo‘lgan jamiyatlarda hisoblanadigan dividendlarni jamiyat ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi. Bunday jamiyatlarning moliyaviy natijalari, biznes-reja ijrosi va boshqa muhim ma’lumotlari jamg‘arma bilan kelishilgandan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etiladi.

Mazkur qaror davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish va investitsiya jozibadorligini kuchaytirishga qaratilgan.