Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi ma’lum qilishicha, Buxoro viloyatida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs (M.D.) Instagram ijtimoiy tarmog‘ida bemor bolalar nomidan joylashtirilgan ehson videolarini yuklab olib, ularni qayta ishlab, montaj qilgan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi asl videolardagi bank karta raqamlarini o‘zgartirib, o‘rniga boshqa karta ma’lumotlarini joylashtirgan. Shu yo‘l bilan fuqarolar tomonidan ehson maqsadida yuborilgan pul mablag‘lari uning qo‘liga tushgan va o‘zlashtirib kelingan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu shaxs 2025 yil oktabr oyidan fosh etilgunga qadar onasiga tegishli bank kartasiga qariyb 2 ming tranzaksiya orqali jami 161 million so‘m mablag‘ni tushirgan hamda uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.











