Birinchi yarimyillik yakunlari va yil oxirigacha bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida soliq tushumlari bo‘yicha ham mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yil boshidan soliq tushumi 27 foizga ko‘payib, 130 trillion so‘mdan oshdi.

Lekin qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja atigi 40 foizga bajarilgan. Bu 12 trillion so‘mni tashkil etadi. Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari soliq tushumi bo‘yicha korxonalar bilan yetarli ishlamayotgani tanqid qilindi.
Buxoro viloyati misolida aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil faoliyatini zarar bilan yakunlagani uchun 1 so‘m ham foyda solig‘i to‘lamagani aytildi.

Shuningdek, 1,5 mingta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lamasdan, faqat QQSni chegirib yurgani qayd etildi. Shu bois, Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov lavozimidan ozod etildi.

1 iyuldan 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxonadan soliq undirish vakolati viloyatlarga tushirib berilgani qayd etilib, endi birorta bahonaga o‘rin qolmagani ta’kidlandi. Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, viloyat soliq rahbarlariga mazkur korxonalar bilan yaqindan ishlab, soliqlar to‘liq hajmda yig‘ilishini ta’minlash topshirildi.

Ma’lumot uchun, Botir Ahmedov 2023 yil avgustidan buyon Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.