“Dunyo” AA xabar berishicha, muloqot qishloq xo‘jaligi va ta’lim yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlangan. Uchrashuvda iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda ta’lim sohasidagi imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qoraqalpog‘iston tomoni misrlik talabalarni mahalliy oliy ta’lim muassasalarida qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olishga jalb etish taklifini bildirdi. Bu borada akademik almashinuv dasturlari, qo‘shma ta’lim loyihalari va institutsional sheriklik mexanizmlari muhim vosita bo‘lishi qayd etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Orolbo‘yi hududida Misrning ilg‘or tajribasi asosida zamonaviy agrotexnologik loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar innovatsion sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish va cho‘l yerlarini o‘zlashtirish yo‘nalishlariga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida aniq tashabbuslarni ishlab chiqish uchun pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ekspertlar darajasida doimiy maslahatlashuvlarni tashkil etish hamda muloqotni tizimli davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ta’kidlandi.











