Filashkinning aytishicha, 4 fevral, chorshanba kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari odatda bu paytda odam gavjum bo‘ladigan shahar bozorini kassetali o‘q-dorilar bilan o‘qqa tutgan. Bundan tashqari, shaharga ikkita aviabomba bilan ham zarbalar berilgan.
Oqibatda uchta ko‘p qavatli uy va uchta xususiy uyda vayronagarchilik qayd etilgan, shuningdek sanoat hududiga ham zarar yetgan.
Filashkin halok bo‘lganlar 43 yoshdan 81 yoshgacha, yaralanganlar esa 50 yoshdan 72 yoshgacha ekanini aniqlashtirgan. Barcha jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
“Bu — navbatdagi qasddan sodir etilgan harbiy jinoyat va Rossiyaning ‘sulh’ haqidagi barcha bayonotlari hech narsaga arzimasligining yana bir isbotidir”, — deb yozdi Filashkin o‘zining Telegram-kanalida.












