“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, Atirau shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi vakili hamda Atirau viloyati hokimi o‘rinbosari Qayrat Nurtayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Muzokaralarda viloyatning yo‘lovchi transporti, turizm va investitsiyalar boshqarmalari vakillari ham qatnashib, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston hududlari va Atirau viloyati o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovining yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirishi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, mahalliy hokimiyat yangi aviareyslarni ochishga doir tashkiliy masalalarni hal etish va loyihani amaliyotga tatbiq etishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan.

Muzokaralar yakunida Toshkent–Atirau yo‘nalishi bo‘yicha yangi muntazam reysni ochish, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida turistik hamda gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.