Bitimga muvofiq, endilikda Toshkent, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida 25 ta kasb bo‘yicha mutaxassislar turk standarti asosida malaka baholash jarayonlaridan o‘tadi va natijada sertifikatga ega bo‘ladi. Bu esa ishga joylashishda talabgorlikni oshirish, kasbiy mahoratni rasman tasdiqlash hamda mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solishga xizmat qilishi qayd etilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur tashabbus natijasida 2026 yilda 1 500 nafar sertifikatga ega mutaxassis Turkiyaning Mersin viloyatida joylashgan Akkuyu atom elektr stansiyasidagi yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, loyiha nafaqat ishga joylashish, balki mutaxassislarning malakasini xalqaro talablar asosida baholash, ularning huquqiy himoyasini ta’minlash hamda mehnat shartlarini shaffoflashtirishga qaratilgan yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.











