O‘zbekiston hukumati Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovni xalqaro qidiruvga berdi.
Interpol rasmiy saytida uning qidiruvda ekani haqida “qizil bildirishnoma” joylangan.
Qidiruv kartochkasida ko‘rsatilishicha, 35 yoshli Toshtemirov firibgarlikda ayblanmoqda.

Azizbek Toshtemirov ismi Kun.uz'ning 2023 yilgi surishtiruvlaridan birida tilga olingan edi. Videotasvirlarda ko‘rinishicha, u Koreyaga ishlash uchun borish istagidagi o‘zbekistonliklarni saralab olish jarayonida o‘z tanishlarini boshqalarning o‘rniga imtihonga kiritgan bo‘lishi mumkin.
Bugun, 14 may kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament Migratsiya agentligining sobiq mansabdorlari bilan bog‘liq guruh fosh etilgani haqida xabar berdi. Aniqlanishicha, Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari odamlardan 7-12 ming dollardan pul yig‘ilgan va umumiy summa qariyb 90 mln dollarni tashkil etishi mumkin.
Mazkur jinoiy guruh va Azizbek Toshtemirov o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi ma’lum emas.











