Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxs mahalliy tadbirkorga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni olishida o‘zining mansabdor tanishlari orqali yordam berishini aytgan.

Ma’lum qilinishicha, u 2020 yilda boshqa bir fuqaroga kam ta’minlangan va ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida issiqxona tashkil etishi uchun ajratib berilgan 29 gektar yer maydonidan 5 gektar qismining toifasini o‘zgartirib, uy-joy qurish uchun rasmiylashtirib berish evaziga 400 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs oldindan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning mansabdor tanishi hisoblangan — Farg‘ona viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi ham ushbu 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.