Strategiya loyihasiga muvofiq, 2030 yilga qadar iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, ishlab chiqarish zanjirlarini chuqurlashtirish va sanoatda ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu doirada yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihada sanoatda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2023 yilga nisbatan 2,5 baravar oshirish maqsad qilingani qayd etilgan. Avtosanoatda ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish rejasi ham aynan shu umumiy strategiya — mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va qo‘shimcha qiymatni mamlakat ichida shakllantirish maqsadlari bilan uyg‘un tarzda ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, yuqori daromadli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur resurs bazasini kengaytirish bo‘yicha ham indikatorlar keltirilgan: mis ishlab chiqarishni 2,5 baravar, oltinni 1,5 baravar, kumush va uran ishlab chiqarishni 3 baravar oshirish (2023 yilga nisbatan) rejalashtirilgan. Elektrotexnika sanoatida misni qayta ishlash hajmini 300 ming tonnagacha oshirish maqsadi ham belgilangan.
Ko‘zda tutilgan choralar sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirish, kooperatsiya va texnologiyalar transferini tezlashtirishga qaratilgan. Shu orqali sanoatning umumiy o‘sishiga xizmat qiladigan yangi quvvatlar va qiymat zanjirlari shakllantirilishi rejalashtirilgan.











