Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan hujjatda 2026 yil 1 yanvardan direktor jamg‘armasi hisobidan KPI'ga qarab direktorga — 20 foizgacha, direktor o‘rinbosarlariga — 10 foizgacha miqdorida oylik ustamalar belgilanishi nazarda tutilgan

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 oktyabrdagi 662-son qaroriga ko‘ra, baholash metodika va tartib — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, ko‘rsatkichlar — maktabning bchki guruhi tomonidan baholanadi, ustama miqdori — maktab to‘plagan umumiy ballga qarab belgilanadi. 

Ballar diapazoniga ko‘ra ustamalar direktorlar uchun 61–70 ball — 3 foiz, 71–80 ball — 10 foiz, 81–90 ball — 15 foiz, 91–100 ball — 20 foiz. Direktor o‘rinbosarlari uchun 61–70 ball — 2,5 foiz, 71–80 ball — 5 foiz, 81–90 ball — 7,5 foiz, 91–100 ball — 10 foiz.

Ustama jamg‘armadagi mavjud mablag‘lar doirasida to‘lanadi. Ustama belgilanishi uchun direktor/o‘rinbosar mazkur maktabda kamida 9 oy asosiy lavozimda ishlagan bo‘lishi kerak. 

Shuningdek, hududlardagi direktorlar kengashida faoliyat yuritayotgan ayrim tajribali direktorlarga ham jamg‘arma hisobidan 20 foiz oylik ustama to‘lanishi qayd etilgan.