Ma’lum qilinishicha, poytaxtning Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 1997, 2001 yilda tug‘ilgan shaxslar qo‘lga olingan. Ular tomonidan ushbu bot boshqarib kelingani aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida 4 dona telefon, 3 dona noutbuk, 12 dona turli xil bank plastik kartalari, 11 dona SIM-karta, shuningdek qog‘ozga o‘ralgan giyohvandlik moddalari topilib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Shu bilan birga, gumonlanuvchilarning telefonlari ko‘zdan kechirilganda xorijiy va boshqa elektron kripto-hamyonlar orqali 95 mingga yaqin tranzaksiya amalga oshirilgani, umumiy hisobda 2 mln 375 ming AQSh dollariga teng miqdorda kripto-aktivlar aylanmasi bo‘lgani ma’lum qilindi.

Surishtiruvlar natijasida gumonlanuvchi shaxslardan biri tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus kanal ham boshqarib kelingani qayd etildi. Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida gumonlanuvchilardan birining xonadoni ko‘zdan kechirilganda uning yashash manzilidan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-, 243 va 251-1-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Poytaxt IIBB bu kabi tezkor tadbirlar davom etayotganini ma’lum qildi.

Xulosa: Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Telegram orqali giyohvand moddalar savdosi va kripto-aktivlar aylanmasiga aloqador sxemani fosh etdi. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.