6 dekabrga o‘tar kechasi soat 2:04 da O‘zbekiston hududida yer qimirladi. Seysmoprognostik monitoring markazi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan.
Episentrda sezilish kuchi: 5 ball, magnituda: 4,5, chuqurlik: 17 km. Episentrdan Toshkent shahrigacha masofa 135 kilometrni tashkil etadi.
Yer silkinishi respublikaning quyidagi hududlarida sezilgan:
- Namangan viloyati: 3 ball, 77 km;
- Farg‘ona viloyati: 2–3 ball, 104 km;
- Andijon viloyati: 2 ball, 129 km;
- Toshkent shahri va viloyati: 2 ball, 135 km;
- Sirdaryo viloyati: 2 ball, 173 km.
FVV esa mazkur hududlarda sezilish kuchi 2–3 ballni tashkil etgani, talafotlar yo‘qligini ma’lum qildi.
3 dekabrga o‘tar kechasi ham Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida ro‘y bergan zilzila (5 ball) kuchi Namangan viloyati hududida 2 ball bilan sezilgandi.











