Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihalar amalga oshirilsa, «yashil» energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi. Bu nafaqat milliy energetika xavfsizligini mustahkamlaydi, balki tabiat muhofazasi va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ham muhim omil bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, bugunning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 3,5 ming megavatt bo‘lgan, qiymati 3 milliard 300 million dollarga teng “yashil” energetika loyihalariga start berilmoqda. Prezident buni belgilangan maqsad sari tashlangan katta amaliy qadam sifatida baholadi.
Yangi quvvatlarni yagona energetika tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr elektr tarmoqlari tortiladi.
Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar barpo etiladi, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.
Prezident ta’kidlaganidek, bu ishlar yangi qurilayotgan quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarini tizimga barqaror ulash, istiqbolda ortib boradigan sanoat va aholi iste’molini ishonchli va uzluksiz energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.











