«O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar yuridik ta’lim va ilm-fan rivojlanishida erishiladigan asosiy vazifalar etib belgilandi, jumladan:

- yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;

- Toshkent davlat yuridik universitetining (Universitet) 2030 yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1 mingtalik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash.

2026/2027 o‘quv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi.

Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.

2027/2028 o‘quv yilidan «Yurisprudensiya» yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.