O‘zbekistonda tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtiriladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.

2026 yil 1 yanvardan e’tiboran “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etilib, o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazayotgan tadbirkorlarga shu vaqtning o‘zida birvarakayiga quyidagi xizmatlar ham taklif etiladi:

  • elektron raqamli imzo kalitini berish;
  • bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish va ularni faollashtirish;
  • ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnoma olish uchun ariza yoki xabarnoma yuborish;
  • ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi guvohnomasini olish;
  • onlayn nazorat-kassa mashinalarini masofadan turib sotib olish va ularni soliq organlarida onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qo‘yish.

Bu xizmatlardan foydalanish tadbirkor uchun ixtiyoriy bo‘ladi. Tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.