Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Musiqa madaniyati fani va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim darajasini va kasbiy mahoratini aniqlash hamda ularga sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra,
2025-2026-o‘quv yilidan boshlab:
umumta’lim maktablarining musiqa madaniyati hamda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash hamda ularga sertifikat berish tartibi amaliyotga joriy etiladi;
A+, A, B+, B, S+, S darajali mazkur sertifikatlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladi hamda 3 yil muddatga amal qiladi.
70 va undan yuqori ball olgan talabgorga – A+ darajali;
65 – 69,9 ball olgan talabgorga – A darajali;
60 – 64,9 ball olgan talabgorga – B+ darajali;
55 – 59,9 ball olgan talabgorga – B darajali;
50 – 54,9 ball olgan talabgorga – S+ darajali;
46 – 49,9 ball olgan talabgorga – S darajali sertifikat beriladi.
Amaliyotga joriy etilayotgan tartibga ko‘ra, B+ va undan yuqori darajali sertifikat olgan o‘qituvchilarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oylik maoshiga ustama beriladi.
Nizomga asosan:
bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish uchun tuziladigan test savollari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda boshqa tegishli vazirliklar tomonidan tavsiya etilgan fan mutaxassislari ishtirokida Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi;
sertifikat olishga talabgorlar test sinovida qatnashish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda ariza berib ro‘yxatdan o‘tishlari lozim;
test sinovini o‘tkazish sanasi u o‘tkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali e’lon qilinadi.











