Rossiya hukumatining qonunchilik faoliyati bo‘yicha komissiyasi qonun loyihasiga Rossiyani tark etgan xorijiy kompaniyalarga o‘z biznesini qaytarib sotib olish variantlarini bekor qilish imkonini beruvchi tuzatishlarni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda «Vedomosti» gazetasi xabar berdi.

Hujjatda aytilishicha, qayta sotib olishni taqiqlash aktivlarning yangi egasi ham, Rossiyaning tegishli idoralari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Opsionlarni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar, hatto nizolarni ko‘rib chiqish xorijiy sud va xalqaro tijorat arbitrajining vakolatiga kiritilgan hollarda ham, Moskva viloyati arbitraj sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Qonun loyihasiga, shuningdek, prezident farmoniga chet elliklarning aksiyalarni qaytarib sotib olish huquqini bekor qilishning qo‘shimcha shartlarini belgilashga ruxsat beruvchi band ham kiritilgan.

«Vedomosti» nashrining yozishicha, yangi qoidalar asosan iste’mol sektoridagi kompaniyalar – umumiy ovqatlanish korxonalari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar va chakana savdo tarmoqlariga taalluqli. Boshqa hollarda, yondashuv individual bo‘ladi: xorijiy biznesni qaytarish shartlari Rossiya prezidentining alohida farmoni bilan belgilanadi.

Qonun loyihasi 28 may kuni Rossiya Davlat dumasi yalpi majlisida ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi kerak edi. Biroq hujjatni ko‘rib chiqish uni qayta ishlash to‘g‘risida qaror qabul qilingani sababli keyinga qoldirildi.