Vashingtonning Anqaradagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tomas Barrak AQSh Suriyadagi harbiy ishtirokini qisqartirayotganini tasdiqladi. Amerika hukumati mamlakatdagi sakkizta harbiy bazadan faqat bittasini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
«Sakkizta bazadan beshtaga o‘tdik, keyin esa uchtaga. Oxir-oqibat bittaga o‘tamiz», — deydi Barrak.
So‘nggi haftada AQShning 500 nafarga yaqin askari Suriyadan olib chiqilgan. Fox News jurnalisti Jyennifer Griffinning amerikalik amaldorlarga tayanib yozishicha, bazalarning uchtasi «Suriya demokratik kuchlari»ga berilgan yoki yopilgan.
Suriyada rejim almashgach va Ahmad ash-Shar’a hokimiyat tepasiga kelgach, AQSh prezident Donald Tramp Vashington Damashq bilan munosabatlarni yaxshilash niyatida ekanini ma’lum qildi. U Suriyaga «buyuklik uchun imkoniyat» berish maqsadida mamlakatga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni buyurdi. 29 may kuni Damashqda 13 yillik tanaffusdan keyin AQSh elchisining qarorgohi yana ish boshladi.
Avvalroq AQSh Suriyadagi xorijlik jangarilarni armiya tarkibiga kiritish rejasini ma’qullagan edi.











