Kun.uz manbasi hodisa joyidan yo‘llagan suratlarda YPXga tegishli Tracker rusumli xizmat avtomobilining old qismi jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin. Hodisa joyida yo‘l chetida jasad yotgani, uning atrofi IIB hamda tibbiyot xodimlari tomonidan o‘rab olingani aks etgan. Suratlardan marhum ayol kishi ekani taxmin qilinmoqda

Kun.uz so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov voqeani tasdiqladi.

Uning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

 Hozircha marhumning shaxsi, hodisa qanday sharoitda sodir bo‘lgani haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.