Polshaning ommabop Wnp axborot portali O‘zbekistonning transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda Toshkentda qurilishi rejalashtirilgan yangi xalqaro aeroport loyihasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston o‘zining Markaziy Osiyodagi qulay geografik joylashuvidan foydalanib, mamlakatni xalqaro aviatsiya va logistika habiga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda.

Maqolaga ko‘ra, poytaxtdan 24 kilometr uzoqlikda joylashadigan yangi xalqaro aeroport qurilishi kelgusi besh yil ichida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Yangi aeroportning dastlabki quvvati yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yukka xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi. Loyihada kelajakda ushbu quvvatni ikki barobarga oshirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Qiymati qariyb 3 milliard yevroga baholanayotgan loyiha davlat mulki saqlab qolingan holda, Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz Corporation va Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshiriladi.

Polsha nashri xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aviatsiya sohasini liberallashtirish, xususiy aviakompaniyalarni jalb etish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlar mamlakatni mintaqaning muhim aviatsiya va logistika markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qilmoqda.