Sirdaryoda stadionda odamlar ustiga haydalgan Captiva davlat daromadiga o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz’ga MIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sud hukmi bilan mashina davlat foydasiga musodara qilingan. Buning ijrosi esa MIBga yuklatilgan edi. Byuroning Sayxunobod tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida mazkur avtomashina baholangan va auksion savdosiga chiqarilgan.

2025 yilning 3 mart kuni o‘tkazilgan auksion savdosida ushbu mashina 100 mln 567 ming so‘mga sotilgan. Sotuvdan tushgan mablag‘ davlat daromadiga o‘tkazilishi ta’minlangan.

2024 yilning 29 may kuni Sayxunobod tumanida mast erkak Captiva’ni stadionga boshqarib tushib, atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda mashinani odamlar ustiga haydab borgan edi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi tegishli tartibda qamoqqa olingan hamda mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgandi.

Keyinchalik sud hukmi bilan haydovchiga 4 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Captiva mashinasi esa jinoyat quroli deb topilgan va davlat foydasiga musodara qilingandi.

Ikkinchi aylangan vaqtimda mashinamning burchagi bir bolaga tegib ketdi. Keyin shuncha voqea bo‘ldi, tavakkal dedim-da, stadion darvozasiga qarab haydadim. O‘sha orada mashinani toshbo‘ron qilishdi. Keyin to‘g‘ri chiqib, uyimga ketdim. Hammadan uzr so‘rayman, tavba qildim. Endi umuman odam yig‘ilgan joyga, to‘yga ham bormayman, va’da beraman. Oxirgi imkoniyat berishingizni so‘rayman”, degan erkak sudda.

Sudda da’vogarlar undan shikoyati yo‘qligini bildirgan. Biroq erkakning mashinasi old qismi bilan ikki nafar shaxsni turtib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan.