Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qashqadaryoda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 10 mart kuni Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani Do‘stlik MFY hududida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobcha hovlisida ikkita 9 tonnali sig‘im yongan.

Voqea joyiga qutqaruv xizmatida to‘rtta yong‘in qutqaruv bo‘linmalari soat taxminan 22:04 da etib borib, soat 22:33 da yong‘inni to‘liq o‘chirgan.

Yong‘in oqibatida ikki nafar fuqaro kuyish tan jarohatini olgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.

«Yong‘in sababi va zarariga aniqlik kiritilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkentdagi savdo majmualarining birida yong‘in sodir bo‘lgani, Andijondagi zapravkada avtomobil gaz balloni portlab ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.