Kun.uz Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Iroda Oripova bilan bog‘lanib, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot oldi. Unga ko‘ra, 10 iyul kuni tuman hokimi tomonidan ishchi guruh tuzilib, ijtimoiy obektlar faoliyati o‘rganilgan. Jarayonda tumandagi 14-MTT faoliyati bilan tanishilgan. “Oshxonada birinchi ovqat ham pishirilayotgan bo‘lib, unga 5,85 kg go‘sht mahsuloti, ikkinchi ovqatga 300 gramm go‘sht solingani aniqlangan”, – dedi Oripova.
U shuningdek, umumiy hisoblaganda, bolalar ovqatiga belgilangan miqdordagi go‘sht qozonga solingani, faqat muzlagan holatda bo‘lgani uchun bittasiga ko‘p, ikkinchisiga kam solinganini aytdi. Shu bilan birga Oripova bog‘cha mudirasi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shaganini ham qo‘shimcha qildi.
Holat bo‘yicha tuman hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga bergan ma’lumoti biroz boshqacharoq. U birinchi ovqatga belgilangan normaga yaqin go‘sht solingani, ikkinchisida esa kam bo‘lganini ta’kidladi. “Bu bo‘yicha men mutaxassis emasman, lekin qozonga go‘sht tushgandan keyin bu darajada sezilarli kamaymaydi deb o‘ylayman”, – dedi hokimlik matbuot xizmati vakili.
Eslatib o‘tamiz, Senat ishchi guruhi Andijon viloyatidagi bog‘chalarning ovqatlantirish tizimini o‘rganib, muassasa oshxonalari ta’mirtalab ekani, jihozlar, idish-tovoqlar yetishmasligi, sifatsiz mahsulotlar olib kelingani haqida xabar qilingan edi.
Oldinroq, YUNISEF va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan ratsion ko‘rsatkichida O‘zbekiston bolalar to‘yib ovqatlanmaydigan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan edi.











