13 iyul kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida do‘l yog‘ishi ortidan kelgan sel odamlarni oqizib ketdi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 9 kishi vafot etgan, 6 kishi tabiiy ofatdan jabrlangan. Jami 24 kishi jarohat olib shifoxonalarga murojaat qilishgan.

Talafotda birdaniga 8 nafar yaqinini yo‘qotgan Rustamboy Rahmonovlar oilasidan 5 va 7 yoshdagi bolalar ham selda oqib ketishgan. 7 yoshdagi bolaning jasadi hamon qidirilayotgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati bolaning jasadi topilganini ma'lum qildi.

“Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida bugun, 17 iyul kuni erta tongda 2014 yilda tug‘ilgan, 7 yoshli bolaning jasadi Kosonsoy soyining “Tagijar” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismidan topilgan.

Barcha yurtdoshlarimizdan mutaxassislarning ob-havo o‘zgarishlariga oid ogohlantirishlariga qat'iy amal qilishni so‘raymiz”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan beri O‘zbekistonda jami 11 nafar fuqaro sel oqimlaridan halok bo‘ldi. 2005-2021 yillar davomida O‘zbekistonda sel-suv toshqinidan jami halok bo‘lganlar soni esa 70 nafarga yetdi.