Munisa Meliboyeva har ish kuni soat 7:15da poyezdda yo‘lga chiqadi va poyezddan tushganidan keyin ham maktabgacha yana 9 km yo‘l bosadi. O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ushbu o‘qituvchi qiz har kuni temir yo‘ldan foydalanishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan unga imtiyozli sertifikat taqdim etildi.

Jamiyat Axborot-tahliliy media markazining xabar berishicha, Munisa Meliboyeva ushbu sertifikat bilan 6381/6382-sonli «Qo‘qon–Namangan» yo‘nalishidagi shaharlararo qatnovchi elektropoyezdlarda «Pop–Namangan» va «Namangan–Pop» yo‘nalishida 2021 yilning 31 dekabriga qadar bepul yurish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yosh o‘qituvchi bu uning uchun 8 mart bayramiga o‘ziga xos sovg‘a bo‘lganini aytib minnatdorchilik bildirgan.