Tadbirning dastlabki ikki kunida viloyat adliya boshqarmasi va uning tizimidagi davlat notarial idoralari hamda FHDYo bo‘limlari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha, shuningdek, ma'muriy va iqtisodiy sudlar, soliq, ichki ishlar boshqarmalari, viloyat “Yermulkkadastr”, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, Bandlikka ko‘maklashuvchi Markaz, Musulmonlar idorasi Andijon viloyati vakilligi, “O‘zbekiston yoshlar” ittifoqi viloyat kengashi mas'ul xodimlari Paxtaobod tumanining barcha hududlarida 10dan ortiq guruhlarga biriktirilgan holda xonadonlarga kirib borib, fuqarolar bilan muloqotlar tashkil etishdi. Bu haqda Andijon viloyat adliya boshqarmasi KUN.UZ’ga xabar bermoqda.
Bunda oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish, fuqarolarga notarial harakatlarni rasmiylashtirish hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bilan bog‘liq huquqiy tushuntirishlar berish, lozim bo‘lsa notarial harakatlarni tasdiqlab berilishini ta'minlash va yoshlar o‘rtasida alkogol ichimliklari va giyohvand moddalari iste'mol qilishning salbiy oqibatlari, ommaviy madaniyat, ya'ni TV va internet orqali kirib kelayotgan hamda milliy mentalitetga xos bo‘lmagan begona urf-odatlarning zararlarini tushuntirish kabi dolzarb vazifalarga asosiy e'tibor qaratildi.
“Huquqiy axborot kunlari”ning so‘nggi uchinchi kunida Paxtaobod tumani hiyoboni va markaziy o‘yingohida tashkil etilgan yakuniy bayramona tadbir “Huquqiy sayl”ga aylanib ketdi.
Shuningdek, ishtirokchilarga 1000 dan ortiq turli xildagi badiiy adabiyotlar va boshqa kitoblarning tarqatilishi xalqning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
“Huquqiy axborot kunlari” yakunida bu kabi tadbirlarni keyinchalik viloyatning boshqa hududlarida ham doimiy ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.









