AQSh davlat departamenti 175 ming kishining vizalari bekor qilinganini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Charli Kirk o‘limidan xursand bo‘lganlar, tug‘uruq ortidan fuqarolikka intilganlar, jinsiy zo‘ravonlar hamda giyohvandlar vizasi bekor qilib yuborilgan. Bundan tashqari, deportatsiyasi kutilayotgan odamlar ham ogohlantirildi.

Davlat departamentining matbuotga ma’lum qilishicha, viza shartlarini buzgan, jinoyat sodir etgan, AQSh fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qilgan, amerikaliklarni aldagan, immigratsiya tizimini suiiste’mol qilgan yoki milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirgan 175 mingdan ortiq xorijlikning vizasi bekor qilib yuborilgan.

Bekor qilingan vizalarning aksariyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq holatlar tufayli qaytarib olingan. Bunda tan jarohati yetkazish, mast holda avtomobil boshqarish, o‘g‘rilik va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar asosiy sabablar bo‘lgan. Shuningdek, ehtiyotsiz va xavfli haydash, jinsiy zo‘ravonlik, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, firibgarlik, mablag‘larni o‘zlashtirish va boshqa turdagi jinoyatlar uchun ham ko‘plab vizalar bekor qilingan.

Davlat departamentiga ko‘ra, bu qarorlar doimiy tekshiruv va monitoring ishlari natijasida qabul qilingan. Mazkur tizim viza egalari AQSh qonunlari va viza shartlariga rioya qilayotganini nazorat qilishga qaratilgan. Quyidagi holatlarda ham vizalar bekor qilingan:

  • Ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxsni ham o‘z ichiga olgan zo‘rlash va jinsiy tajovuz ayblovlari bilan javobgarlikka tortilgan xorijlik;
  • Odam o‘g‘irlash, odam savdosi va voyaga yetmagan shaxsni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan xorijlik;
  • Jamoat tartibini buzish, politsiyaga zo‘ravonlik bilan qarshilik ko‘rsatish, mast holda avtomobil boshqarish va oilaviy zo‘ravonlik uchun qo‘lga olingan xorijlik;
  • Shimoliy Afrikadagi AQSh elchixonalaridan biri AQSh hududida farzand tug‘ib, bolaga Amerika fuqaroligini olish maqsadida kelgan 100 dan ortiq “tug‘uruq turizmi” ishtirokchilarining vizalarini bekor qilgan;
  • Bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va og‘ir jinsiy jinoyatlarda ayblangan xorijlik;
  • Bolalar ishtirokidagi jinsiy ekspluatatsiya materiallarini saqlash bo‘yicha o‘ndan ortiq ayblov qo‘yilgan xorijlik;
  • Mashinasida geroin topilgan va qondagi alkogol miqdori ruxsat etilgan me’yordan uch baravar yuqori bo‘lgan holda ushlangan xorijlik;
  • Jamoatchi va siyosiy faol Charli Kirkning o‘ldirilishini olqishlagan bir nechta xorijlik; Ulardan biri “fashistlar o‘lganda demokratlar shikoyat qilmaydi” deb yozgan bo‘lsa, boshqasi “u juda kech o‘ldi” degan;
  • Tibbiy xizmatlardan foydalanishda yordam beruvchi qonuniy biznes yuritayotganini da’vo qilgan, ammo aslida Medisaid dasturi orqali 5 million dollardan ortiq soxta xizmatlar uchun hisob-faktura rasmiylashtirgan xorijlik;
  • Soxta daromad ko‘rsatkichlari va qalbaki hujjatlar yordamida investorlarni aldab, millionlab dollar mablag‘larni o‘zlashtirgan hamda shu yolg‘on ma’lumotlar asosida AQSh vizasini olgan xorijlik;
  • AQShga o‘quvchilarga dars berish uchun kelib, keyinchalik ulardan biriga jinsiy tajovuz qilganlikda ayblanib hibsga olingan xorijlik.

Davlat kotibi Marko Rubio tashqi siyosat bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha bir qator xorijliklar deportatsiya qilinishidan ogohlantirmoqda. Ular orasida quyidagi toifadagi odamlar bor:

Kuba kommunistik rejimining ta’sir operatsiyalariga aloqador Kuba fuqarosi;

  • Eron hukumati bilan aloqalari bo‘lgan Eron fuqarolari;
  • Minnesota gubernatori Tim Uolz tomonidan afv etilgan, jinsiy jinoyat sodir etgan Laos fuqarosi;
  • AQSh prezidentiga nisbatan zo‘ravonlik tilagan va amerikaliklarni «dushmanim» deb atagan Kuvayt fuqarosi bor.

Davlat departamenti ta’kidlashicha, prezident Tramp va davlat kotibi Marko Rubio rahbarligida AQSh xavfsizligiga tahdid soladigan xorijliklarni aniqlash, tekshirish va ularning vizalarini bekor qilish ishlari davom ettiriladi.