The Intercept va Freedom of the Press Foundation AQSh prezidenti Donald Trampga qarshi sudga murojaat qildi. CNBC xabariga ko‘ra, da’vo 12-avgust kuni ma’lum qilingan.
Da’vogarlar Truth Social ijtimoiy tarmog‘i uchun ishga tushirilgan Truth API xizmatini bloklashni talab qilmoqda. Ushbu xizmat pulli obunachilarga Trampning yangi postlarini oddiy foydalanuvchilarga nisbatan ertaroq olish imkonini beradi.
Da’voda ta’kidlanishicha, Truth API AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi va Beshinchi tuzatishlar talablarini buzishi mumkin. Da’vogarlar jamoatchilik uchun mo‘ljallangan prezident bayonotlariga pul to‘lagan shaxslar va kompaniyalarning boshqalardan oldin kirish imkoniga ega bo‘lishini konstitutsiyaga zid deb hisoblamoqda.
Gap faqat Trampning postlari haqida emas. Xizmat orqali AQShning boshqa yuqori martabali amaldorlari, jumladan vitse-prezident Jey Di Vens va Federal qidiruv byurosi direktori Kesh Patelning Truth Socialʼdagi publikatsiyalariga ham tezkor kirish imkoniyati taqdim etilishi aytilmoqda.
The Intercept va FPF bu amaliyotni keskin tanqid qilib, uni «g‘ayrioddiy, korrupsion va konstitutsiyaga zid sxema» deb atagan. Tashkilotlar sud orqali ushbu amaliyotni to‘xtatishga erishmoqchi.
Da’vogarlarning ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp 2025-yil yanvarda Oq uyga qaytganidan buyon Truth Socialʼda 9 mingdan 11 minggacha xabar qoldirgan. Ularning ayrimlari Oq uyning rasmiy kanallarida darhol takrorlanmaydi.
Shu sababli, da’vogarlar fikricha, ayrim holatlarda Trampning Truth Socialʼdagi postlari prezident qarorlari va hukumatga oid yangiliklarni tezkor olishning yagona manbasiga aylanmoqda.
Tramp postlarini monetizatsiya qilish
Truth Socialʼning bosh kompaniyasi - Trump Media & Technology Group (TMTG) Truth API xizmatini iyul oyi oxirida ishga tushirgan.
Xizmatga obuna narxi oyiga 100 ming dollargacha yetishi mumkin. U orqali mijozlarga Tramp va uning atrofidagi shaxslarning yangi postlarini oddiy foydalanuvchilardan tezroq, hatto «millisoniyalar» farqi bilan olish imkoniyati taklif qilingan.
TMTG bosh direktori vazifasini bajaruvchi Kevin MakGernning ma’lum qilishicha, Truth APIʼning hozirda 10 dan ortiq obunachisi bor. Ularning aksariyati fond birjalari va moliya bozorlarida o‘ta tezkor savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan kompaniyalardir.
Kompaniya boshqa ehtimoliy mijozlar, jumladan sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan ham muzokara olib borayotgani aytilmoqda.
Bu masaladagi asosiy bahs moliya bozorlari bilan bog‘liq. Tramp ko‘plab muhim qarorlari, jumladan iqtisodiyot, savdo va boshqa yo‘nalishlarga oid bayonotlarini Truth Social orqali e’lon qiladi. Bunday xabarlar ba’zan fond va boshqa moliya bozorlarida narxlarning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois Trampning yangi postlarini boshqa bozor ishtirokchilaridan hatto juda qisqa vaqt oldin olish ham yuqori tezlikda savdo qiluvchi kompaniyalarga moliyaviy ustunlik berishi mumkin. Bu esa katta miqdorda daromad olish imkoniyatini yaratishi ehtimol qilinmoqda.
Ayni paytda Donald Tramp Trump Media & Technology Groupʼning eng yirik aksiyadorlaridan biri hisoblanadi. Shu sabab Truth APIʼning ishga tushirilishi AQSh prezidenti o‘z lavozimi va rasmiy bayonotlaridan shaxsiy tijoriy manfaat yo‘lida foydalanyaptimi, degan savollarni keltirib chiqargan.
Endi The Intercept va Freedom of the Press Foundation suddan pul to‘lagan mijozlarga prezidentning ommaviy bayonotlarini boshqalardan oldin taqdim etish amaliyotini to‘xtatishni so‘ramoqda.











