«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 212,9 gramm quyma oltinni xaridorga 340 mln so‘mga sotishga kelishgani aniqlangan.

Ular xaridorga 999 probali 26,3 gramm oltinni berib, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishini bildirgan. Shundan so‘ng 20 ming AQSh dollari va 100 mln so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchilardan biri o‘z yashash xonadonida qum tarkibidan oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil qilgani ham ma’lum bo‘lgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.