Adliya vazirligi fermer xo‘jaliklarining buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 11-avgustda 3921-son bilan ro‘yxatga olingan.

Nizom Soliq-servis AJning hududiy bo‘limlari tomonidan fermer xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

Hujjatga muvofiq, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga ularning xohishiga ko‘ra, dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmatlari uchun haq undirilmaydi.

Rahbari yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga esa tegishli xizmatlar 2 yil davomida bepul ko‘rsatiladi.

Soliq-servisʼning hududiy bo‘limlari fermer xo‘jaligini buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish tizimiga qabul qilish, buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish bilan ham shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi xodimlarining ish haqi, soliqlar va boshqa to‘lovlarini hisoblash, soliq va yig‘imlar hisobini yuritish, soliq, moliyaviy va statistika hisobotlarini tayyorlash xizmatlari ko‘rsatiladi.

Hududiy bo‘limlar fermer xo‘jaliklarida inventarizatsiya o‘tkazish jarayonida ham ishtirok etadi.