Ishga armaturachilar, duradgorlar, qurilish muhandislari, kran va stanok operatorlari taklif etilmoqda.

Xususan, 50 nafar armaturachi va 50 nafar duradgor uchun oyiga 1000 yevrodan maosh belgilangan. Shuningdek, 5 nafar qurilish muhandisiga 1500 yevro, 5 nafar kran operatori va 10 nafar stanok operatoriga 1200 yevrodan maosh taklif qilinmoqda. Ko‘rsatilgan mablag‘lar xodimning qo‘liga tegadigan maosh hisoblanadi.

Nomzodlar tegishli yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar ta’limiga va kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Ingliz tilini boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi, rus tilini bilish esa ustunlik beradi.

Shuningdek, nomzod sudlanmagan, jismonan sog‘lom, mas’uliyatli va jamoada ishlash qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Qurilish muhandislari uchun qurilish (fuqaro muhandisligi) fakultetini tamomlagan bo‘lish, kran operatorlari uchun esa balandlikda ishlay olish talabi qo‘yilgan.

Ish haftasi besh kunlik bo‘lib, ish vaqti soat 7:00 dan 17:00 gacha davom etadi. Mehnat shartnomasi kamida bir yilga tuziladi va keyinchalik uni uzaytirish imkoniyati mavjud.

Ish beruvchi xodimlarning ish vizasi va ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish, O‘zbekistondan Serbiyaga borish yo‘l xarajatlari, aeroportdan yashash joyigacha transfer, turar joy hamda tibbiy sug‘urtani o‘z zimmasiga oladi. Xodimlar kuniga ikki mahal ovqat bilan ham ta’minlanadi.

Vakansiyalarga nomzodlar 20-avgustga qadar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ish beruvchi bilan onlayn suhbatlar esa 2026-yil 25–28-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.