O‘zbekiston oltin narxining yuqoriligi hisobidan shakllanayotgan qo‘shimcha daromadlarni davlat xarajatlarini keskin oshirishga emas, byudjyet taqchilligini qisqartirishga yo‘naltirmoqchi. Hukumat oltin narxidagi o‘zgarishlar ta’sirini yumshatishga qaratilgan yangi fiskal qoidalarni ishlab chiqyapti. Bu haqda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov Kun.uz muxbiri savoliga javoban ma’lum qildi.
Haydarovning aytishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga qo‘shimcha daromadlarni alohida jamg‘armaga yig‘ishdan ko‘ra, avvalo, byudjyet taqchilligini qisqartirish uchun ishlatishni tavsiya qilgan.
“XVJning tavsiyasi shuki, qo‘shimcha daromadlarning bir qismini xarajatlarga yo‘naltirsangiz ham, muhim qismi byudjyet defitsitini kamaytirishga ishlatilishi kerak. O‘tgan yili biz shunday yo‘l tutdik. Qo‘shimcha daromadlar hisobidan byudjyet taqchilligini YaIMga nisbatan qariyb 0,9 foizga qisqartirdik. Rejada defitsit 3 foiz bo‘lishi kerak edi, amalda esa uni 2,1 foizgacha tushirdik.
Bu yil ham imkon bo‘lsa, oltindan tushadigan qo‘shimcha daromadlarning bir qismini joriy xarajatlarni qoplashga, qolgan qismini esa defitsitni kamaytirishga yo‘naltirishga harakat qilamiz. Natijada byudjyetni moliyalashtirish uchun kamroq qarz jalb qilinadi”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Uning ta’kidlashicha, XVJ O‘zbekistonga hozirning o‘zida alohida jamg‘arma tashkil etishni tavsiya qilmayapti.
“Jamg‘arma, odatda, byudjyet profitsit bilan ishlayotgan davlatlarda shakllantiriladi. Agar byudjyetning o‘zi defitsit bo‘lsa, bir tomondan mablag‘ni jamg‘arib qo‘yib, ikkinchi tomondan tashqaridan qarz olishning iqtisodiy ma’nosi yo‘q. Shuning uchun XVJning tavsiyasi – rejalashtirilgan xarajatlarni amalga oshiring, lekin qo‘shimcha daromadlar sabab xarajatlarni keskin oshirmang. Daromadning bir qismini esa yomon kunlar uchun saqlash kerak. Katta tashqi inqiroz yoki kutilmagan vaziyat yuz bersa, davlatda fiskal bufer bo‘lishi zarur”, – dedi Haydarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fiskal bufer pandemiya davrida O‘zbekistonga iqtisodiy barqarorlikni saqlashda yordam bergan.
“Davlat uchun ikkita narsa juda muhim: birinchisi – og‘ir kunlar uchun zaxira bo‘lishi kerak, ikkinchisi esa qarz olish qobiliyatini saqlab qolish kerak. Pandemiya davrida ayrim davlatlar hatto 100 million dollar ham qarz jalb qila olmay qolgan edi. Chunki kreditorlar ularning qaytarish imkoniyatiga ishonmadi. Shuning uchun XVJ oltin narxi doim yuqori bo‘lib qolmaydi, degan xavfni hisobga olib, yaxshi davrlarda defitsitni kamaytirishga urg‘u bermoqda”, – dedi u.
Yangi fiskal qoida ishlab chiqilmoqda
Haydarovning ma’lum qilishicha, hukumat XVJ bilan birgalikda oltin narxining byudjyetga ta’sirini cheklaydigan yangi fiskal qoidalarni ishlab chiqmoqda.
“Hozir biz oltindan tashqari fiskal balans bo‘yicha ishlayapmiz. Avgust oyida XVJ missiyasi keladi va shu masalani muhokama qilamiz. Rejamiz – amaldagi 3 foizlik defitsit chekloviga qo‘shimcha ravishda yangi fiskal qoida joriy qilish. Variantlardan biri – byudjyetni hisoblashda oltinning bazaviy narxini belgilash. Masalan, shartli ravishda 2 500 dollar deb olinadi. Agar bozor narxi bundan yuqori bo‘lsa ham, qo‘shimcha daromadlar hisobiga xarajatlarni avtomatik oshirib yubormaslik ko‘zda tutiladi. Bu yondashuv qonunchilikka kiritilishi va hukumat muhokamasidan o‘tgach joriy qilinishi mumkin”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Yana bir variant sifatida davlat xarajatlari o‘sishiga limit belgilash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
“Ko‘plab rivojlangan davlatlarda, jumladan, Norvegiya, Shvetsiya va Slovakiyada davlat xarajatlari o‘sishiga qat’iy cheklovlar mavjud. Biroq biz rivojlanayotgan davlatmiz. Yangi investitsiya dasturlari yoki ustuvor loyihalar paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli fiskal qoidalarning afzalliklari bilan birga kamchiliklari ham bor. Favqulodda vaziyatlar uchun istisnolar ham nazarda tutilishi kerak”, – dedi Haydarov.
Uning fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyoti hozir yuqori sur’atlarda o‘sayotgani sabab fiskal siyosatda ehtiyotkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
“Bu yil defitsitni 3 foizdan ham past qilishga harakat qilamiz”
Ahadjon Haydarovning aytishicha, joriy yilda byudjyet taqchilligini belgilangan 3 foizlik chegaradan ham past darajada yakunlash maqsad qilingan.
“Maqsadimiz – imkon qadar bu yil defitsitni 3 foizdan ham kam qilish. Hozir birinchi yarim yillik natijalariga ko‘ra davlat byudjyeti profitsit bilan bajarilgan. Konsolidatsiyalashgan byudjyetda esa YaIMga nisbatan qariyb 0,7 foizlik defitsit shakllangan. Bu 3 foizlik limit bilan solishtirganda juda past ko‘rsatkich. Axir avvalgi yillarda, xususan, pandemiyadan keyin, defitsit 4 foizgacha yetgan davrlar ham bo‘lgan”, – dedi u.
Byudjyet taqchilligi nima hisobiga qisqardi?
Vazir o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, byudjyet intizomi fiskal strategiya orqali ta’minlanmoqda.
“Biz, avvalo, makroiqtisodiy prognozlardan kelib chiqib daromadlarni hisoblaymiz, shundan keyin defitsit maqsadini belgilaymiz va xarajatlarning maksimal chegarasini aniqlaymiz. Vazirliklar ko‘proq mablag‘ so‘raydi, lekin hukumat umumiy defitsit chegarasidan kelib chiqib ularni qayta taqsimlaydi. Agar hamma talabni qondirsak, defitsit 4 foizga chiqib ketishi mumkin. Shuning uchun yakunda hukumat qayerdadir xarajatni oshiradi, qayerdadir qisqartiradi”, – dedi Haydarov.
Uning ta’kidlashicha, joriy yilda byudjyet taqchilligi kamayishida iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lishi va soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi asosiy omil bo‘lgan.
“Asosiy sabab – iqtisodiyotning yuqori sur’atlarda o‘sayotgani. Iqtisodiyot 8 foiz o‘ssa, bu ko‘proq aylanma, ko‘proq foyda va tabiiy ravishda ko‘proq soliq tushumi degani. Ayniqsa, foyda solig‘i va QQS tushumlari sezilarli oshdi. Umuman olganda, byudjyetning holatini baholashda uchta asosiy soliq muhim: foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i. Shu uchala soliq yaxshi o‘sayotgan bo‘lsa, bu iqtisodiyot normal ishlayotganidan dalolat beradi”, – dedi u.











