Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxs o‘zi bilan kredit bitimi tuzilishini kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlash huquqiga ega. Bu mexanizm, avvalo, shaxsning xabarisiz yoki ishtirokisiz uning nomiga kredit rasmiylashtirilishining oldini olishga qaratilgan.
Taqiq o‘rnatish uchun arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshirish mumkin. Shuningdek, fuqarolar Davlat xizmatlari markazi yoki kredit byurosiga yozma yoxud elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Ariza qabul qilingach, kredit byurosi fuqaroni darhol kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritadi. YaIDXP orqali berilgan ariza kredit byurolariga avtomatik ravishda yuboriladi.
Shundan so‘ng bank yoki boshqa tegishli kredit tashkiloti fuqaro bilan kredit bitimi tuzishdan oldin reyestrda unga nisbatan taqiq bor-yo‘qligini tekshirishi kerak. Qonunga ko‘ra, reyestrdan tegishli ma’lumot olinmasdan turib kredit bitimini tuzish taqiqlanadi.
Fuqaro istagan vaqtda ushbu taqiqni olib tashlashi ham mumkin. Taqiqni joriy qilish ham, uni bekor qilish ham ixtiyoriy va bepul amalga oshiriladi.
Xizmat natijasi bo‘yicha QR-kodli ma’lumotnoma taqdim etiladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda u fuqaroning shaxsiy kabinetiga yuboriladi, Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda esa natija belgilangan tartibda ariza beruvchiga yetkaziladi.
Shu tariqa, fuqaro kredit olishni rejalashtirmayotgan davrda o‘z nomiga kredit bitimi tuzilishini oldindan taqiqlab qo‘yishi, zarurat tug‘ilganda esa taqiqni bekor qilishi mumkin.










