Qohirada O‘zbekiston diplomatlari Misrning PHARCO Corporation farmatsevtika korporatsiyasi mintaqaviy direktori Muhammad Foruq bilan uchrashdi.

Muzokaralarda korporatsiyani O‘zbekiston bilan hamkorlikka jalb qilish, farmatsevtika sohasiga investitsiya kiritish va zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor C gepatitiga qarshi preparatlar ishlab chiqarishni O‘zbekistonda mahalliylashtirish istiqbollariga qaratildi.

Pharco Pharmaceuticals 1987-yilda tashkil etilgan PHARCO Corporation tarkibiga kiradi. Korporatsiyada 5,7 mingdan ortiq xodim ishlaydigan to‘qqizta tashkilot mavjud. Kompaniya yiliga 345 million qadoqdan ortiq farmatsevtika mahsuloti sotadi va ularni 57 ta mamlakatga yetkazib beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, PHARCO 13,2 foizlik ulush bilan Misr farmatsevtika bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi.

Uchrashuvda Muhammad Foruq kompaniyaning Misrda C gepatitiga qarshi kurashishdagi tajribasi haqida ma’lumot berdi. Korporatsiya Gratisovir nomli sofosbuvir generigi hamda litsenziya asosida Ravidasvir virusga qarshi preparatini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu preparatlardan foydalanish davolash kursi qiymatini bir necha o‘n ming dollardan 100 dollargacha tushirish imkonini bergan. Davolashdan keyingi sog‘ayish ko‘rsatkichi esa 99 foizni tashkil etgan.

Misrda milliy dastur doirasida ushbu preparatlarni ommaviy yetkazib berish millionlab fuqarolarni davolash imkonini bergan. Natijada mamlakat C gepatitiga qarshi kurashishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Oltin sertifikati”ni olgan.

PHARCO Corporation hozirda O‘zbekistonning qator xususiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Sheriklikni kengaytirish orqali Gratisovir va Ravidasvir preparatlarini yetkazib berish bilan birga, ularni ishlab chiqarish texnologiyalarini O‘zbekistonga transfer qilish va mahalliy farmatsevtika quvvatlarida ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, mahalliy xususiy farmatsevtika kompaniyalari va PHARCO Corporation ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazishga kelishildi.

Shuningdek, Misr tomoni keyingi muzokaralarni davom ettirish uchun mutaxassislar delegatsiyasini O‘zbekistonga yuborishga tayyorligini bildirdi.