Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 11-avgustdagi 337-son buyrug‘i bilan 2027-yil uchun oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul kvotalari tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, respublika bo‘yicha jami 4 840 ta qabul kvotasi ajratilgan. Ushbu o‘rinlar mamlakatdagi 234 ta ilmiy va ta’lim tashkiloti kesimida taqsimlangan.
Qabul kvotalarining eng katta qismi tayanch doktorantura hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu yo‘nalish uchun 3 900 ta o‘rin ajratilgan.
Shuningdek, doktorantura uchun 540 ta, stajyor-tadqiqotchilik uchun esa 400 ta qabul kvotasi belgilangan.
Shu tariqa, 2027-yilda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy kadrlar tayyorlash uchun jami 4,8 mingdan ortiq o‘rin ajratiladi.











