11-avgust kuni kechqurun Afg‘onistonning shimoli-sharqidagi Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshon viloyatida “Tolibon” kuchlari va qo‘mondon Juma Xon Fotihga aloqador tuzilmalar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda Afghanistan International xabar bermoqda.

Manbalarga ko‘ra, to‘qnashuvlar Nusay tumanining Shohdara va Xog‘iz hududlarida sodir bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, “Tolibon” kuchlari Fotih qo‘mondonligi ostidagi shaxslarga hujum qilgan.

Janglar fonida Badaxshondagi “Tolibon” ma’muriyati binosi yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punkti raketa hujumiga uchragan. Manbalarga ko‘ra, punktga ikkita raketa otilgan, shundan so‘ng toliblar va hujumchilar o‘rtasida otishma boshlangan.

Qurbonlar, jarohatlanganlar va yetkazilgan zarar miqyosi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Biroq mahalliy manbalar tomonlar talafot ko‘rayotganini ma’lum qilmoqda.

To‘qnashuvlarning sabablari ham rasman aniqlanmagan. Manbalar “Tolibon” kuchlari Fotih guruhi joylashgan hududlarga qurol-yarog‘ yig‘ish uchun borgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Nashrning yozishicha, “Tolibon” hokimiyatga kelgach, asosiy siyosiy, harbiy va iqtisodiy lavozimlarni Qandahorga yaqin amaldorlarga topshirish orqali Badaxshondagi mahalliy toliblarning ta’sirini susaytirishga uringan. Oltin konlari va ulardan tushadigan daromadlarni nazorat qilish ziddiyatning asosiy manbalaridan biriga aylangan. Mahalliy toliblar kadrlarni almashtirish, qo‘mondonlarni hibsga olish va konlarni chetdan kelganlarga berishni o‘z ta’sir doiralarini cheklashga urinish deb bilmoqda.

Afghanistan International ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Juma Xon Fotih va “Tolibon” rahbariyati o‘rtasidagi ziddiyat foydali qazilmalarni qazib olish tufayli kuchaygan. “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda avvalroq noqonuniy konchilikni to‘xtatish haqida farmon chiqargan edi. Manbalarning ta’kidlashicha, bu farmon Fotih bilan bog‘liq iqtisodiy faoliyatga ta’sir ko‘rsatgan.

Ayni paytda viloyatda xavfsizlik beqarorligicha qolmoqda: “IShID-Xuroson” “Tolibon” vakillariga hujum qilishda davom etmoqda, bir qator tumanlarda esa toliblarga qarshi guruhlar faoliyat yuritmoqda.

Iyul oyi oxirida afg‘on matbuoti “Tolibon” Badaxshonga qo‘shimcha kuchlar yuborayotgani va so‘nggi haftalarda faolligi sezilarli darajada oshgan qurolli muxolif guruhlarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi.