Olib borilgan o‘rganishlar natijasida 9,3 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridida qonunbuzilish holatlari aniqlandi, deya xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi.

Xususan, agentlik tomonidan quyidagi tashkilotlarning xaridlarida qoidabuzarliklar aniqlangan:

  • «Binolardan foydalanish va qurilish-ta’mirlash ishlari direksiyasi» buyurtmachiligida 1,74 mlrd so‘mlik;

  • «Bekobod ovqatlanish kombinati» MChJ buyurtmachiligida 1,6 mlrd so‘mlik;

  • Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 1,55 mlrd so‘mlik;

  • Uchqo‘rg‘on tuman voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati buyurtmachiligida 1,43 mlrd so‘mlik;

  • Urganch shahar tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida 824 mln so‘mlik;

  • Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligida 790,5 mln so‘mlik;

  • Piskent tumani hokimligi buyurtmachiligida 700 mln so‘mlik;

  • Yangibozor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi buyurtmachiligida 241,5 mln so‘mlik;

  • Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 238,5 mln so‘mlik;

  • Yangibozor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi buyurtmachiligida 202,9 mln so‘mlik

Mazkur davlat xaridlarida sohaga oid qonunchilik talablariga zid ravishda baholash jarayonida qonunbuzilish hamda ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklash holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

«Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan yuborilgan agentlikning taqdimnomalari bilan xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinishi ta’minlanib, davlat xaridlarining qonunga xilof ravishda o‘tkazilishining oldi olindi. O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi», deyiladi agentlik xabarida.