Macworld nashri iOS 27 beta 5 versiyasida bir yo‘la oltita yangi iPhone haqida qaydlar borligini aniqladi. Ular orasida ancha vaqtdan beri hech qanday ma’lumot bo‘lmagan hamyonbop iPhone 18e ham bor.
Akkumulyatorlar va Battery Intelligence bilan bog‘liq tizim fayllarida quyidagi modellarga ishoralar topildi:
- iPhone Air 2;
- iPhone 18 Pro;
- iPhone 18 Pro Max;
- iPhone 18;
- iPhone Ultra;
- iPhone 18e.
Mish-mishlarga ko‘ra, bu yil Apple smartfonlarni taqdim etish strategiyasini o‘zgartiradi: flagmanlar sentyabrda, bazaviy modellar va iPhone Air 2 esa 2027-yilning bahorida namoyish etiladi.
Ushbu turkumdagi eng kutilgan model sifatida iPhone Ultra’ni aytish mumkin. Kupertinoliklar ilk buklanadigan smartfonining nomi hali tasdiqlanmagan, biroq Bloomberg muxbiri Mark Gurman ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya ichida uni aynan shunday atashadi.

Qurilmaning ichki displey diagonali qariyb 7,8 dyuymni tashkil etadi, bu deyarli iPad mini bilan bir xil. Taqqoslash uchun: iPhone 17 Pro Max’da bu ko‘rsatkich 6,9 dyuym. Yangi qurilmadagi katta ekranning afzalligini ko‘rsatish uchun Apple bir vaqtning o‘zida ikkita ilovani ishga tushirish imkoniyatini qo‘shadi.
Aftidan, iPhone Ultra A20 chipi, 12 GB operativ xotira va favqulodda aloqa uchun sun’iy yo‘ldosh modemiga ega bo‘ladi. Asosiy kameralar tizimi ikkita - keng burchakli va o‘ta keng burchakli modullardan iborat bo‘ladi.
Smartfon sig‘imi 1921 va 2962 mA·s bo‘lgan ikkita akkumulyator bilan jihozlanadi, bu umumiy hisobda 4883 mA·s ni tashkil etadi.











