“Koreya ishi” figuranti sifatida xalqaro qidiruvga berilgan Aziz Toshtemirov Migratsiya agentligining rahbari Behzod Musayevga nisbatan yana bir jiddiy da’voni ilgari surdi.

Toshtemirovning iddao qilishicha, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan va o‘tgan yilda foydalanishga topshirilgan Consti mehmonxonasiga Musayevning oila a’zolari egalik qiladi.

“90 mln dollardan kamida 4–5 mln dollar qismi mana bu yerda emasmi? Toshkentning qoq markazida, “Rossiya” mehmonxonasining shundoq ortida joylashgan Consti Hotel nomli yap-yangi mehmonxona bor. Ushbu mehmonxonaning bugungi kunda bozordagi tannarxi kamida 3–4 million dollar turadi. Uning egalari esa Migratsiya agentligi direktori Musayev Behzod Anvarovichning xotini, o‘g‘li va qizi hisoblanadi», - deb yozdi Toshtemirov “Koreya 24” telegram kanalida.

Da’volar qanchalik asosli?

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Consti Hotel oilaviy korxonasi 2025-yil 12-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav fondi - 5 mln so‘m. faoliyat turi - Mehmonxonalar va shunga o‘xshash yashash joylari.

Korxonaning ta’sischilari sifatida Karimova Munisaxon Behzod qizi (50 foiz) va Musayev Abdulbositxon Behzod o‘g‘li (50 foiz) keltirilgan. Rahbar sifatida Musayeva Dildora Faridonovna ko‘rsatilgan.

Toshtemirovning yuqoridagi da’volariga hozircha Behzod Musayevning o‘zi munosabat bildirgani yo‘q. Migratsiya agentligi matbuot xizmati esa Kun.uz’ga bu da’volar bevosita agentlik faoliyatiga aloqador emasligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Behzod Musayev 2022-yil dekabrdan 2024-yilning sentyabrigacha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri bo‘lgan.

2024-yilning sentyabrida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari etib tayingandi. Shu yilning oktyabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatilib, uning o‘rnida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etilgandi. Musayev tugatilgan agentlik rahbari lavozimidan yangi tashkil etilgan tashkilot rahbarligiga o‘tkazilgandi.

Qonunchilikda cheklov bormi?

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi hamda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlariga ko‘ra, davlat xizmatchisining xotini, farzandlari va boshqa yaqin qarindoshlari yirik mol-mulklarga (uy-joylar, tijorat ob’yektlari, avtomashinalar) egalik qilishi taqiqlanmaydi. Ya’ni qimmatbaho mol-mulk bevosita davlat xizmatchisi lavozimda bo‘lgan paytda xarid qilingan bo‘lsa ham, qonunchilikda qarindoshlarning mulk sotib olish huquqiga doir to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklov yo‘q. Ammo, bu jarayonda bir nechta qat’iy talablar va yuridik mexanizmlar ishga tushadi:

Davlat fuqarolik xizmatchilari nafaqat o‘zining, balki turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirishlari shart. Agar lavozimda ishlash davrida xotin yoki farzand nomiga yirik mulklar rasmiylashtirilsa, ularni xarid qilish uchun sarflangan mablag‘larning qonuniy manbasi (tadbirkorlik, meros, rasmiy daromadlar va boshqalar) bo‘lishi talab etiladi.
Rasmiy tasdiqlangan daromadlar va orttirilgan yirik mulk qiymati o‘rtasida keskin va asossiz farq bo‘lishi korrupsiyaviy xavf-xatarni anglatuvchi indikator hisoblanadi hamda moliyaviy va jinoyat tergovlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, davlat xizmatchisi o‘z xizmat vakolatlaridan foydalanib, oila a’zolarining mulkini ko‘paytirishga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilishi - xususan, davlat xaridlari va tenderlarda ularga qulay shart-sharoit yaratib berishi, imtiyoz yoki subsidiyalar ajratishi ham qat’iyan taqiqlanadi.

Avvalroq, Kun.uz Aziz Toshtemirov Migratsiya agentligining sobiq va amaldagi rahbarlariga nisbatan “kompramat”larni e’lon qila boshlagani haqida maqola e’lon qilgandi. Ular orasida qimmatbaho buyumlar talab qilish, imtihonlarni soxtalashtirish, firibgarlik hamda davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga urinishga doir jiddiy ayblovlar, o‘zaro yozishmalar, audioyozuvlar, qator rasmiy hujjatlar va xatlar bor. O‘z navbatida Migratsiya agentligi ham ayblovlarga o‘z munosabatini bildirdi. Unda Toshtemirov agentlikda ishlagan davrida qarindoshlarining nomiga umumiy qiymati 1,5 mln dollarlik 7 ta ko‘chmas mulk sotib olgani aytilgan va u davlat xizmatchisi sifatida buncha pulni qayerdan olgani so‘roq ostiga olingan.