Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligida 1 mlrd so‘mdan ortiq talon-torojliklar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda Migratsiya agentligining mas’ul shaxslari agentlik xodimlari B.D. va N.A.ning amalda ishlamagan davri uchun 931,6 mln so‘m ish haqi sifatida to‘lab berib, byudjyet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va jazo amal qilgan davrda Mehnat kodeksining talablariga zid ravishda 8 nafar xodimga 88,5 mln so‘m to‘lab berilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Migratsiya agentligi Koreyaga boruvchilardan 20 mln so‘mdan ortiq xizmat haqi undirayotgani ma’lum bo‘lgandi.











