Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov temiryo‘l va aviatsiya sohalarini tanqid qildi. Bu haqda u Jarqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tgan.
“Toshkentga borguncha kasal bo‘ladi...”
Hokim tumanlararo yo‘nalishlarda harakatlanadigan poyezdlarda yo‘lovchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, Sariosiyo aeroporti va tumanlardagi temiryo‘l vokzallarining kutish zallarini tartibga keltirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
“Surxondaryo aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi M-39 yo‘lini hamma yaxshi bilib turibdi. Taksistlarimiz, avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi.
Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovutish tizimi ishlaydi, na sharoit bor, na bilet bor... Sariosiyoga qatnaydigan shaharlararo poyezdlarda odam tashib bo‘lmaydi. Transport prokurori – tomoshabin. Ey, og‘ayni, mansabdor odam obro‘ni mehnat bilan oladi. Umuman sharoit yo‘q. Qanday odam tashiyapsan uning ichida?” – degan viloyat hokimi.
“Umuman sharmanda”
Ulug‘bek Qosimov aviachiptalar narxiga ham to‘xtalgan.
“Aviabiletlarimiz umuman sharmanda: narxi ikki baravar bo‘lib ketgan. Monopoliya degan tashkilot tomoshabin. Bilet narxiga qarab bo‘lmaydi, qanday borsin kambag‘al odam? Tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi”, degan u.
“Ichida nafas olib bo‘lmaydi”
Viloyat hokimi monopoliyaga qarshi organ (Raqobat qo‘mitasi) chiptalar narxini to‘liq tahlil qilib chiqishi kerakligini aytgan.
“Kompaniya odamlarga necha pul ustama qo‘yib o‘tiribdi? Ey, odamlarimizga rahmat-ey, indamay minib ketib boryapti: student, qari odamlar... Nafas olib bo‘lmaydi uning ichida. “SES” degan tashkiloti bormi o‘zining? Qayerga qaraydi ular? Keskin chora ko‘rasizlar.
Hech kim bepul tashiyotgani yo‘q. Bepul ketyaptimi biror odam? Pulgami? Bilet sotib olyaptimi? Xizmat qilish kerak unga. Qaysi chet davlatga borsang, men xizmat ko‘rsatyapman, deb qo‘li ko‘ksida chiroyli gapirib olib chiqib qo‘yadi vagonga. Bu yerda xo‘mrayib... Kelasanmi, ketasanmi, kimsan degan savolga javob yo‘q.
Monopoliya to‘liq o‘rganib chiqib, bu biletlarni ham joy-joyiga tushirsin. Odamlarga onlayn shaffof e’lon qilish kerak. Ikkita kassir xohlagan ishini qilishi, tanishi bor bilet olishi kerak emas. 10 so‘mlik biletni 25 so‘mga sotyapti aldab, sun’iy to‘siqlar bilan”, deya ta’kidlagan Qosimov.
Shundan so‘ng hokim mas’ullarga bir hafta ichida shaharlararo hamda Toshkentga qatnaydigan poyezdlarni to‘liq jihozlash topshirig‘ini bergan.











